6-Анъом (An'om surasi)

 

Makkada nozil qilingan va bir yuz oltmish besh oyatdan iborat bu surada so'z e'tiqod va iymon mohiyati ustida boradi. U mavzu e'tibori bilan Madinada nozil bo'lgan Baqara, Ol-i Imron, Niso va Moida suralaridan keskin farq qiladi. Bu surada islomiy jamiyatning o'ziga xos belgilari — ro'za, haj, oilaviy masalalar yoki jihod hukmlari, yoxud ahli kitoblar va boshqalar xususida so'zlanmaydi. Balki unda e'tiqod va iymonga aloqador markaziy masalalar — Allohning zoti va sifatlari, vahiy va payg'ambarlik mohiyati hamda qayta tirilish va qiyomat kunida bo'ladigan hisob-kitob borasida so'z yuritiladi. «An'om»dagi oyatlar Alloh yaratuvchilikda ham, shariat qonunlarida ham, ma'budlikda ham yagona, deb uqtiradi. Yana u payg'ambarlar otasi - Ibrohim alayhis-salom va uning zurriyotidan bo'lgan bir qancha payg'ambarlar haqida hikoya qiladi. Bulardan tashqari, yashab turgan dunyomiz inson uchun sinov-imtihon olami ekanligi aytilib, inson bu dunyoda Allohning xalifasidir, deb ta'kidlanadi. Binobarin, bu dunyoni obod-osoyishta qilish ham, xarob-vayronaga aylantirish ham insonning o'z qo'lida ekanligi yana bir bora eslatib o'tiladi. Boshqa suralar bo'linib-bo'linib, har xil muddatlarda nozil qilingani holda bu sura Makkada bir kechada daf'atan to'la nozil bo'lgan. Bu surada yana chorva hayvonlari va ular haqidagi xukmlar ham bayon etilgani uchun u «An'om» — «Chorvalar» deb ataladi.