21-Анбиё (Anbiyo surasi)

 

Bu sura Makkada nozil bo'lgan. U bir yuz o'n ikki oyatdir. Sura qiyomat soati yaqinlashib qolgani, odamlar esa u Kundagi hisob-kitobga hozirlanib, yaxshi amallar qilish o'rniga g'aflat uyqusiga g'arq ekanliklari haqida xabar berish bilan boshlanadi. So'ng o'quvchi e'tibori koinotdagi har bir mavjudotning o'ta nozik va aniq o'lchov bilan yaratilib, yakkayu yolg'iz Yaratgan tomonidan boshqarib turilishiga qaratiladi va yeru osmonda Allohdan o'zga yana biron iloh bo'lsa, u o'lchov va tartibga futur yetib, borliq buzilib ketishi aniq ekanligi ta'kidlanadi. Bu surada Ibrohim payg'ambar va u zot bilan butparastlar o'rtasida bo'lib o'tgan mojarolar xususida batafsil hikoya qilinib, o'zini o'zi himoya qilishga ojiz bo'lgan jonsiz but-sanamlar birovga yordam qilishi yoki ziyon yetkazishi amrimahol ekanligi uqtiriladi. Yana bu surada Alloh taoloning payg'ambarlaridan Ishoq, Ya'qub, Lut, Nuh, Dovud, Sulaymon, Ayyub, Ismoil, Idris, Zul-kifl, Zunnun, Zakariyo va Iyso alayhis-salomlar to'g'risida ham xabarlar vorid bo'lganki, suraning «Anbiyo — Payg'ambarlar» deb nomlanishiga ham bois shudir. Suraning nihoyasida Alloh taoloning so'nggi payg'ambari hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallamning barcha olamga Allohning rahmat-marhamati bo'lib kelganlari zikr qilinadi.